2023/2024-oʻquv yili uchun test sinovlari oʻtkaziladigan 92 ta inshoot tanlab olindi

Bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida vazirlik huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyatidagi tizimli muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan yigʻilish oʻtkazildi. Unda 2023/2024-oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarini tashkil qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Dastlab Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori Majid Karimovning axboroti tinglandi. 

Taʼkidlash joizki, agentlik tomonidan har yili 60 ga yaqin turdagi test sinovlari amalga oshirilib, ularda 2 mln. dan ortiq talabgorlar ishtirok etadi. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida jami 15 dan ortiq turdagi test sinovlari oʻtkazildi va ularda 140 ming nafardan ortiq talabgor ishtirok etdi. Shuningdek, xorijiy davlatlarda olingan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish boʻyicha 1 180 nafar talabgorning taʼlim hujjatlari koʻrib chiqildi, taʼlim sohasi tashkilotlari tomonidan berilgan 5 510 ta rasmiy hujjatga apostil qoʻyildi.

Test sinovlarini oʻtkazishga moʻljallangan alohida binolarning mavjud emasligi sababli oʻtkazilayotgan aksariyat test sinovlari taʼlim muassasalari oʻquv binolarida taʼlim jarayoniga xalaqit qilmaslik uchun haftaning dam olish (shanba va yakshanba) kunlarida oʻtkazilmoqda.

Yigʻilishda, shuningdek, agentlik faoliyatiga doir o‘z yechimini kutayotgan masalalar, xususan, joylarda test sinovlarini yil davomida oʻtkazish uchun katta sigʻimli binolarni qurishdagi ayrim kamchiliklar qayd etilib, ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha takliflar berildi. Mutasaddilarga optik skaner va ularga ehtiyot qismlar xarid qilishni tezlashtirish topshirildi.

2023/2024-oʻquv yili uchun test sinovlari oʻtkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olindi hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlandi.

Shuningdek, test sinovlari oʻtkaziladigan 15 ta umumtaʼlim fanidan 26 520 ta va qardosh (qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman) tillardan 2 400 ta test topshirigʻi shakllantirildi va ekspertizadan oʻtkazildi. Keng jamoatchilik orasidan test sinovlarida guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida roʻyxatdan oʻtgan 8 956 nafar talabgordan 4 000 nafarga yaqini saralab olindi va ular bilan shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.

Manba: Axborot xizmati

13.05.2023