Ta’lim-fan jamoatchilik kengashining ilk yig‘ilishi o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida tashkil etilgan ushbu kengashning birinchi yig‘ilishida oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim hamda ilm-fanga oid islohotlarga befarq bo‘lmagan tashabbuskor fuqarolardan tarkib topgan kengash a’zolari, kengash tomonidan tashkil etilishi kutilayotgan ishchi guruhlari hamda vazirlik Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdi. Unda, shuningdek hududlardan qatnashish istagida bo‘lganlarga hududiy boshqarmalardagi studiyalardan ZOOM platformasi orqali ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining katta vazifalardan biri bu – yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy mehnat bozoriga yoshlarimizni munosib tayyorlash uchun ta’lim sifatini yanada yuqori darajaga ko‘tarish, – dedi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – 2023-yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deya e’lon qilingani soha vakillari oldiga katta mas’uliyat qo‘ydi. Birinchi navbatda “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida yangi vazirligimiz ishini yo‘lga qo‘ydi. Shundan kelib chiqib, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar yo‘nalishida xalqimizni qiynayotgan tizimli muammolarni xolisona aniqlash, vazirlik oldida turgan vazifalarni jamoatchilik vakillari bilan bamaslahat amalga oshirish, vakolatli davlat organlarini shaffof, to‘g‘ri va xalqchil ishlashi uchun Ta’lim-fan jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, joriy yilning yanvar oyida omaviy axborot vositalarida berilgan e’lon bo‘yicha kengash faoliyatida ishtirok etish yuzasidan jami 1 129 nafar fuqaro murojaat qildi, shundan 303 nafar olimlar, ota-onalar, talabalar va xalq vakillari kengashga kirish taklifini berishdi va shaffof tarzda ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalari asosida 17 nafar kengash a’zoligiga nomzodlar saralab olindi. Ovoz berish internet tarmog‘i orqali amalga oshirildi.

Shuningdek, mazkur kengashning ishchi guruhlari tashkil etilishi ma’lum qilindi. Shu munosabat bilan, ovoz berish jarayonida ball olgan barcha 218 nafar fuqarolar kengashning ishchi guruhlariga jalb qilinadi.

Kengash tarkibi ta’lim, ilm-fan sohasi va nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan taniqli olim, professor-o‘qituvchilar, yozuvchi-shoirlar, mutaxassislar, fidoiy, sohaga oid islohotlarga befarq bo‘lmagan tashabbuskor fuqarolardan shakllantirilgan.

Ta’lim hamda ilmiy tashkilotlarini o‘quv-uslubiy, ilmiy va innovatsion faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va axborot-tahliliy ma’lumotlar va takliflar tayyorlash Kengashning oldiga qo‘yilgan maqsad hisoblanadi.

Ta’lim-fan jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari:

Oliy, o‘rta-maxsus va professional ta’lim tashkilotlari faoliyatini o‘rganish va natijalarini tahlil qilish;

Mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;

Vazirlikning Jamoatchilik kengashiga ma’lumotlarni taqdim etib borish (Vazirlikning Jamoatchilik kengashi qabul qilinayotgan hujjatlar va dasturlarda jamoatchilik fikri hisobga olinishi, qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, davlat organi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida tuzilgan).

Ta’lim-fan kengashining faoliyatini tashkil etish quyidagicha amalga oshiriladi:

Kengash – ishchi guruhlari bilan muammo va kamchiliklar, sohadagi aholini qiynayotgan jarayonlarni o‘rganib, takliflar tayyorlaydi;

Jamoatchilik kengashi – Ta’lim-fan kengashi tomonidan ishlab chiqilgan takliflarni ko‘rib chiqadi, kengash a’zolari bilan muhokama qiladi va asoslangan masalalarni vazirlikka topshiriq sifatida kiritadi;

Vazirlik – Ta’lim kengashi takliflari asosida shakllantirilgan Jamoatchilik kengashi topshiriqlarini ijro sifatida qabul qilib zarur choralar ko‘radi.

Yig‘ilishda ta’lim-fan jamoatchilik kengashi tarkibi ochiq ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlandi.

 

Ta’lim-fan jamoatchilik kengashi tarkibi:

Saifnazarov Ismoil, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, DSc – Kengash raisi

Turayev Xayit Xudaynazarovich, Termiz davlat universiteti Kimyo fakulteti dekani – Kengash raisi o‘rinbosari

Kamalova Dilnavoz Ixtiyorovna, Navoiy davlat pedagogika instituti t.f.d. – Kengash kotibi

Madumarov Talantbek Tolibjonovich, Andijon davlat universiteti, dekan

Omanov Behruzjon Shuhrat o‘g‘li, Navoiy davlat pedagogika instituti Kimyo kafedrasi katta o‘qituvchisi

G‘aniyev Abduqahhor Gadoyevich, Shahrisabz davlat pedagogika instituti «Tabiiy fanlar» kafedrasi v.b.

Todjiyev Jamoliddin Nasiriddinovich, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU Kimyo fanlar dotsenti

Norova Gulsanam Maxsutovna, Navoiy davlat pedagogika instituti Kafedra katta o‘qituvchisi

Narmanov Abdigappar Yakubovich, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU Geometriya kafedrasi professori

Jabbarov Ulug‘bek Abduraxmanovich, Nizomiy nomidagi TDPU Ingliz tili o‘qituvchisi

Shodiyev Abbos Ne’mat o‘g‘li, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti Kafedra mudiri

Kamalov Azamat Jamalovich, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Boshqarma boshlig‘i, PhD

Nishanov Rustam Ibraimovich, “TURON INTERNATIONAL SCHOOL GROUP” nodavlat ta’lim muassasasi direktori

Masharipova Nargiza Otaxonovna, Urganch davlat universiteti Kafedra dotsenti

Abduqodirov Abdurashid Tolibjonovich, Farg‘ona davlat universiteti Kafedra dotsenti

Odilov Akmaljon Odilovich, «Ipak yo‘li» XTMMU Kafedra mudiri

Norqulov Shohbozbek Samandar o‘g‘li, Toshkent davlat texnika universiteti kafedra assistenti

Manba: Axborot xizmati

27.03.2023