Vazir qabuli

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha qabuli tashkil etildi.

Unda tadbirkorlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, jumladan, nodavlat oliy ta’lim muassasasini ochish, ilmiy va “Start-up” loyihalar olish, ta’lim tizimini rivojlantirish hamda ishga joylashish masalalari bo‘yicha murojaat qildilar.

Shuningdek, uzoq hududlardan kelolmagan, lekin vazir bilan uchrashishni istagan fuqarolarga videokonferensaloqa vositasi orqali murojaat yo‘llash imkoniyati ham yaratildi.

Qabul yakuniga ko‘ra, fuqarolarning muammolari yechimi bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Jumladan, “Sof Expo” MCHJ vakilining ta’limga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma o‘tkazish hamda unga oliy ta’lim muassasalarini jalb etish borasidagi tashabbus va taklifi to‘liq qo‘llab-quvvatlanib, ta’lim ko‘rgazmasini o‘tkazish bo‘yicha tegishli mas’ullar biriktirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro mehnat faoliyatida nohaq ayblanib ishdan bo‘shatilganligi hamda sud qarori bilan aybsiz deb topilganligini bayon etib, ishga qayta tiklanishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida inson qadrini yuksaltirish, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirish maqsadida fuqaroni ish joyiga qayta tiklash masalasida vakolat doirasida choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Toshkent shahri, Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroning nodavlat oliy ta’lim muassasasini ochishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan bildirgan murojaatiga huquqiy tushuntirish hamda o‘quv-metodik hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha tegishli maslahatlar berildi.

Shuningdek, startap loyihalar tanlovlarida qatnashish va ularni moliyalashtirish hamda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha bildirilgan takliflar tinglanib, muhokama qilindi.

Manba: Axborot xizmati

15.03.2023