Vazir OTMlarga quyosh panellarini oʻrnatishni yanada jadallashtirish boʻyicha topshiriq berdi

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov OTMga quyosh panellarini oʻrnatish ishlari yanada jadallashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kengaytirish hamda bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash masalalari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari rektor va masʼul prorektorlari bilan kengaytirilgan onlayn formatda yigʻilish oʻtkazdi. 

Unda dastlab barcha oliy taʼlim muassasalarini muqobil energetikasiga oʻtkazish masalasi muhokama qilindi. Rektorlarga universitet va institutlarning oʻquv va talabalar turar joylari binolarini toʻliq quyosh energiyasi panellari bilan jihozlash topshirildi. 

Yigʻilishda qayd etilganidek, 2022-yilda respublika OTMning 51 ta binosida 3 372,2 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 61 000 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari hamda 1 151 dona quyosh tashqi yoritish uskunalari oʻrnatilgan. 2023-yil yakuniga qadar yana 31 ta binoda 1 941 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 20 000 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari va 1 300 dona quyosh tashqi yoritish uskunalari oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Mazkur vazifani bajarish maqsadida joriy yil 6-fevral holatiga koʻra 14 ta binoda 633 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 10 600 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatildi. Natijada, jami quyosh panellari 4 005,2 kVtga yetkazilib, avval belgilangan rejaga nisbatan 1 705,2 kVtga koʻp, quyosh suv isitish qurilmalari 71 600 litrga yetkazildi.

Vazir yigʻilish davomida quyosh panellari OTMning yillik elektr energiya sarfining kamida 70 foizini qoplashi shartligini taʼkidladi. Bu maqsadga erishish uchun barcha taʼlim muassasalarining mavjud oʻquv, laboratoriya, yordamchi va yotoqxona binolarining tom qismini mutaxassis jalb qilgan holda texnik tomonlama quyosh panellarini oʻrnatish imkoniyatini aniqlash va quyosh panellarini oʻrnatishga sarflanadigan xarajatlar smetasini tuzish boʻyicha topshiriq berildi.

Soʻng, oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari, xodimlari oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kengaytirish lozimligi qayd etildi. Buning uchun rektorlarga oʻz xodimlarining farzandlari bilan maktub orqali yozishmalarni yoʻlga qoʻyishi tavsiya etildi. Vazir rektor xodimining oilasidagi muhitni oʻrganish orqali jamoadagi muhitni yaxshilashi boʻyicha shaxsiy tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Shuningdek, OTMdagi iqtidorli talabalar roʻyxatini tuzish va ular bilan alohida ishlash mexanizmini yoʻlga qoʻyish masalasida takliflar berildi. Oliy va professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilishi, ayniqsa ishga joylanmagan bitiruvchilari soni koʻp boʻlgan nodavlat OTM sifatsiz taʼlim berayotgan muassasa deb topilishi va kelajakda ularning faoliyatini tugatish masalasi koʻrib chiqilishi haqida ogohlantirildi.

Manba: Axborot xizmati

11.02.2023