Germaniyaning KfW banki bilan hamkorlikda professional taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasi kuchaytiriladi

“Professional taʼlim tizimini takomillashtirish” texnik iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish uchun dastlabki hisobotlarni tayyorlash maqsadida Germaniyaning KfW banki va Planco Consulting GMBH kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

Dastlab delegatsiya vakillari bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilib, loyiha doirasida rejalashtirilgan ishlar muhokama qilindi.

Ushbu loyihaning maqsadi professional taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali mehnat bozori uchun raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin mutaxassislarni tayyorlash hisoblanadi.

Shundan soʻng tashrif dasturiga asosan missiya vakillari Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida boʻlib, loyihaga jalb qilinadigan professional taʼlim muassasalari va ushbu hududlardagi ish beruvchilar bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ularga taʼlim muassasalari va ularning imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Ish beruvchilar bilan muloqotda yoshlar uchun boʻsh ish oʻrinlarini yaratish, sohalar va yoʻnalishlar kesimida kadrlarga boʻlgan ehtiyoj masalalari suhbatdagi asosiy mavzular boʻldi.

Loyiha doirasida hududlardan pilot taʼlim muassasalari tanlab olinib, ularni zamonaviy oʻquv laboratoriya va ustaxona asbob-uskunalari bilan jihozlash, professional taʼlim dasturlari takomillashtirish va metodik taʼminotni kuchaytirish, pedagogik kadrlar malakasini oshirish, nemis tilini oʻqitish va sertifikatlash (til va kasbiy koʻnikma) hamda Germaniya tajribasi asosida dual taʼlimni joriy etish boʻyicha tegishli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Manba: Axborot xizmati

20.01.2023