XI Xalqaro ilmiy anjumanda sport ta’limiga doir 5 ta hamkorlik shartnomasi imzolandi

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2011-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Universitet sporti: millatning salomatligi va farovonligi” mavzusida talabalar va yosh olimlarning XI Xalqaro ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Jismoniy tarbiya va sport universitetlari Xalqaro Assotsiatsiyasiga a’zo Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Moldaviya, Belаrus, Ozarbayjon, Turkiya, Ruminiya kabi davlatlardan kelgan 40 nafarga yaqin olim ishtirok etdi. 

Xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan talabalar sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini saqlash va targ‘ib qilish, talabalarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishida ilmiy yondashuvlar, yangi sport texnologiyalarini aniqlash kabi bir qator dolzarb mavzular nufuzli anjuman ahamiyatini yanada oshirdi.

Tadbir yakuni bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Assotsiatsiyaga a’zo 2 ta universitet hamda 3 ta sport akademiyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Ma’lumot o‘rnida, Assotsiatsiyaga jismoniy tarbiya va sport sohasida dunyodagi 61 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasi a’zo bo‘lib, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 2001-yildan buyon a’zo hamda tashkilotchi sifatida faoliyat yuritadi.

 

Manba: Axborot xizmati

26.09.2022