Yaponiya bilan 2,76 mln dollarlik shartnoma imzolandi

Bugun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulotda va Muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Suguru Miyazaki boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqotda dastlab, mamlakatimiz taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, kunchiqar davlat bilan hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. 

Qayd etilganidek, Yaponiya hukumati tomonidan 20-yildan ortiq vaqt mobaynida moliyalashtirilayotgan mazkur loyiha doirasida, Yaponiyaning taniqli universitetlarida 378 nafar fuqaro tahsil olish imkoniga ega boʻldi. Ularning 343 nafari Oʻzbekistonga magistrlik darajasi bilan qaytib, bugun xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilib kelmoqda. Bugungi kunda yana 35 kishi kunchiqar yurtda oʻqishini davom ettiryapti. 

Muhokamalarda shuningdek kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida, xususan qoʻshma loyiha doirasida Oʻzbekiston fuqarolarining Yaponiya universitetlarida magistratura va doktoranturada tahsil olishi haqida soʻz bordi.

Abduqodir Toshqulov uchrashuvda Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulotda va Muxtor elchisi janob Yoshinori Fujiyamaga Oʻzbekistonda taʼlim rivojiga qoʻshayotgan hissasini yuksak qadrlagan holda samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shundan soʻng, tomonlar oʻrtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Dastlab, Oʻzbekiston hukumati nomidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov va Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulotda va Muxtor elchisi janob Yo.Fujiyama oʻrtasida 2,76 mln dollar qiymatidagi kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar loyihalari doirasida Almashinuv notasi hamda ushbu loyihani bajarish boʻyicha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Grant Bitimi imzolandi. 

Ushbu loyihalar doirasida kelasi yilda yana 18 ta davlat xizmatchisiga Yaponiyada magistratura va doktoranturada oʻqish imkoni yaratilmoqda. 

Yigʻilish yakunida tomonlar hamkorligi bundan keyin ham muvaffaqiyatli davom etishiga umid bildirildi.

Manba: Axborot xizmati

04.07.2022