35 ta yetakchi davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra 2022-yil 1-yanvardan boshlab 35 ta yetakchi davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berildi.

ta’lim xizmatlari bozoridagi talabni inobatga olgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash;

talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;

ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;

o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy yuqori malakali mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilashga oid qarorlar qabul qilish;

professor-o‘qituvchilar shtat birliklarini kiritish me’yorlarini ishlab chiqish;

o‘z mablag‘lari hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;

xorijiy davlatlardan o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda o‘quv qo‘llanmalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish;

bo‘sh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash;

avtotransport vositalarining yo‘l bosish yillik limiti va ularga xizmat ko‘rsatish talablarini belgilash.

Moliyaviy mustaqil oliy ta’lim muassasalari quyidagi moliyalashtirish tartibiga o‘tkaziladi:

barcha ta’lim yo‘nalishlari va bosqichlari bo‘yicha bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdori hisoblab chiqiladi;

davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida kadrlar tayyorlash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida bir talabaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib belgilanadi;

davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun budjet mablag‘lari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolanadigan bitim asosida ajratiladi (bundan maqsadli mablag‘lar, shu jumladan stipendiya to‘lovlari, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasi uchun qonunchilikda belgilangan mablag‘lar, oliy ta’limdan keyingi ta’lim xarajatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida ajratiladigan boshqa mablag‘lar mustasno);

davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun ajratilgan budjet mablag‘lari (bundan maqsadli mablag‘lar mustasno) oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va hisobot davri oxirida mablag‘larning qoldig‘i oliy ta’lim muassasasi ixtiyorida qoldiriladi;

davlat buyurtmasi sifatida ajratilgan mablag‘lar hamda to‘lov-kontrakt mablag‘lari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetasi tegishliligi bo‘yicha yuqori turuvchi vazirlik va idorada ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda ulardan foydalanish budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi uchun belgilangan tartibga o‘xshash tartibda amalga oshiriladi. Bunda, moliya yili davomida daromadlar va xarajatlar smetasiga kiritiladigan o‘zgartirishlar Moliya vazirligi bilan kelishilmaydi;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan kelib chiqib, biroq oliy ta’lim muassasasini o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash, istiqbolda rivojlantirish hamda ta’lim xizmatlari bozoridagi o‘zaro raqobat asosida belgilanadi.

Shuningdek, moliyaviy mustaqillik berilayotgan oliy ta’lim muassasalarida:

asosiy vositalarni ijaraga berishdan tushgan mablag‘ning 1 foizi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy bo‘linmalari huzuridagi davlat mulki ijara markazlariga, qolgan qismi esa — elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘langan to‘lov chegirilgandan keyin mazkur oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;

asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklarni (bundan yer, bino, inshootlar, jumladan operativ boshqaruvga berilgan bino va inshootlar hamda o‘quv-ilmiy laboratoriya jihozlari mustasno) sotishdan tushgan mablag‘lar to‘lig‘icha o‘z ixtiyorida qoldiriladi;

moliyaviy nazorat tadbirlarini xolisona va mustaqil o‘tkazadigan ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tashkil etiladi;

mablag‘larning sarflanishi yuzasidan yuqori turuvchi vazirlikka (idoraga) har chorakda belgilangan tartibda hisobot beriladi;

Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar, xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda tasarrufidagi mablag‘lar, moddiy boyliklar va mulkdan foydalanish to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar o‘z rasmiy veb-saytlariga muntazam joylashtirib boriladi;

mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanish, jumladan xodimlar mehnatiga haq to‘lash va stipendiya to‘lovlarini o‘z vaqtida hamda to‘liq amalga oshirish uchun javobgarlik tegishli oliy ta’lim muassasasi rahbarlari zimmasiga yuklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi PQ–4391-son qaroriga asosan o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalariga berilgan vakolat va huquqlar ushbu qarorga muvofiq moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etiladi. Bunda:

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan budjet mablag‘larini oluvchi davlat tashkiloti hisoblanadi;

talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati oliy ta’lim muassasasi tomonidan ta’lim xizmatlari bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib, biroq tegishli yo‘nalish bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;

bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari kesimida qabul shartlarida to‘lov-kontrakt qiymati tabaqalashtirilgan miqdorlarda belgilanishi mumkin.

Bundan tashqari, moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan kuzatuv kengashlarining quyidagi 10 ta vakolati belgilab berildi:

oliy ta’lim muassasasining uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori o‘rinlaridan joy olish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni belgilash hamda uning amalga oshirilishini nazorat qilib borish;

oliy ta’lim muassasasining o‘rta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;

ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar hamda ixtisosliklar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul parametrlarini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilish;

oliy ta’lim muassasasi oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi bo‘yicha rektor va prorektorlar faoliyatini o‘rganish hamda axborotini eshitish;

oliy ta’lim muassasasining ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat o‘tkazish uchun qo‘shimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlarining natijasi yuzasidan hisobot olish;

oliy ta’lim muassasasini rivojlantirish va moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq masalalarni hal etish, shu jumladan nodavlat notijorat tashkiloti ko‘rinishida maqsadli kapital jamg‘armasini shakllantirish;

ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarining innovatsion va boshqa jamg‘armalar mablag‘larini sarflash tartibi va yo‘nalishlarini mustaqil belgilash;

oliy ta’lim muassasasi rahbari va xodimlari hamda professor-o‘qituvchilari faoliyatiga baho berish, ular faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;

oliy ta’lim muassasasi hamda ular huzuridagi ta’lim va ilmiy muassasalarning rahbari va xodimlari, professor-o‘qituvchilari, shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun mehnatga haq to‘lash miqdori
va samaradorlik mezonlariga asoslangan rag‘batlantirish
tartibini mustaqil belgilash;

oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibini, shu jumladan xarajatlarning taqsimlanish ulushini mustaqil belgilash.

Tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga ularning klinikalarida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek, kapital va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun o‘zlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan zarur mablag‘lar sarflashga ruxsat berildi.

Moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari uchun quyidagi imtiyozlar beriladi:

davlat oliy ta’lim muassasalari Soliq kodeksiga muvofiq soliq to‘lashdan ozod etiladi;

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga qonunchilikda oliy ta’lim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladi;

moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalariga ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qo‘llaniladi.

Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari RO‘YXATI

Manba: Axborot xizmati

24.12.2021