“Ilm yulduzlari” intellektual ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy  faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash, qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xotin-qizlarning ilm-fan sohasidagi izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish masalalariga ham alodiha etibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 2-dekabr kuni O‘zbekiston milliy universitetining “Yoshlar Ittifoqi” saroyida O‘zbekiston “Olima” xotin-qizlar uyushmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi bilan xamkorligida “Ilm yulduzlari” respublika intellektual ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Mazkur tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad respublika oliy o‘quv yurtlarida hamda Fanlar Akademiyasi institutlarida samarali mehnat qilayotgan olima ayollar orasidan ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor, fidoiy, innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan olimalarni aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlarini munosib baholash va rag‘batlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iborat edi.

Ko‘rik tanlovning respublika bosqichida ilmiy doiralarda o‘z salohiyatini namoyon qilgan, ilmiy maqolalar, tezislar va boshqa ishlar chop etgan 25-35 yoshlardagi 16 nafar tadqiqotchi olima ayollar ishtirok etdilar. Yosh olimalar tanlovda uch shart bo‘yicha bellashdilar: nomzodlarning ilmiy faoliyati, izlanishlari haqidagi 5 daqiqalik videolavha, “Yoshlar kelajak poydevori” mavzusida beriladigan savollar, shuningdek, ishtirokchilarning chet tilini qay darajada bilishlarini sinash uchun tashkil qilingan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” mavzusidagi taqdimotlaridan iborat bo‘ldi.

Ishtirokchilarning bilimi, dunyoqarashlarining qanchalik serqirra ekanligini, nomzodlarning hozirjavobligi, O‘zbekistonning kechagi va bugungi mavqei haqida ma’lumotga egalik darajasini aniqlash bo‘yicha yosh olimalarning javoblari tinglandi.

Ushbu tanlovda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining (MTU) Toshkent shahridagi filiali “Umumkasbiy fanlar” kafedrasi mudiri Maxmudova Shaxnoza Abduvaliyevna “1-darajali”, Berdaq nomidagi Qorqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi Sagindikova Nargiza Jubadkanovna 2-darajali hamda Andijon davlat tibbiyot intituti o‘qituvchisi Akbarova Saida Baxtiyorovna 3-darajali diplom va  esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Manba: Axborot xizmati

02.12.2021