O‘ZBEK TILINING MILLIY KORPUSI YARATILADI

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir. Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil to‘ldi.

O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi qalblarimizni g‘urur va iftixorga to‘ldirdi.

Tabrikda oxirgi 3 yilda o‘zbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzi va xalqaro maydondagi mavqeyini oshirish borasida erishilgan yutuqlar e’tirof etildi.

Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davrda o‘zbek tilini o‘rganish va o‘rgatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga chop etilgan O‘zbek tilining izohli lug‘ati, Harbiy atamalarning izohli lug‘ati, Xalqaro termin-elementlarning izohli illustrativ lug‘ati, Yuridik terminlarning ruscha-o‘zbekcha lug‘ati, O‘zbek tili me’yorlari (punktuatsiya), Ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lug‘ati, Bank - moliya terminlarining o‘zbek tilidagi izohli lug‘ati, Davlat tilida ish yuritish kitoblarining nashrga tayyorlanishida tilshunos olimlarimizning xizmatlari katta bo‘ldi.

Vazirligimizga taqdim etilgan yuzlab lug‘atlar  tizimdagi tashkilotlar, barcha oliy ta’lim muassasalari va filiallarning kutubxonalariga  yetkazildi.

Davlatimiz rahbarining bayram tabrigida  o‘zbek tilini yanada rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar ham belgilab berildi. Jumladan, davlat tiliga oid barcha ma’lumotlarni o‘zida jamlagan O‘zbek tili milliy korpusini yaratishni tezlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.  

O‘zbek tili milliy korpusni yaratish o‘zbek tilshunosligida ham, zamonaviy axborot texnologiyalari tizimida ham  nisbatan yangi yo‘nalish.  

Til korpusi katta hajmdagi lug‘atlarni tuzish uchun asosiy manba va kuchli axborot resursi hisoblanadi. Til korpusi  komputer yordamida lug‘atlarning  tezlik bilan tuzilishi  va qayta ishlanishini ta’minlaydi.

Korpusning so‘zshunoslik sohasidagi ahamiyati shundaki, so‘zning qo‘llanish davri va chastotasini aniqlashda hech qanday vosita korpusga tenglasha olmaydi. Yaqin orada til o‘rganayotgan o‘quvchi yoki uning biror jihatini tadqiq etayotgan tadqiqotchining bugungi kunda lug‘atga bo‘lgan ehtiyoji korpusga ko‘chishi shubhasiz.

Bugungi kunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tilshunos olimlari tomonidan o‘zbek tili milliy korpusni yaratish boʻyicha  ilmiy va amaliy ishlar olib borilmoqda.

Universitet olimlarining tashabbusi bilan 2021-yilning  may oyida o‘tkazilgan  “O‘zbek milliy va ta’limiy korpuslarini yaratishning nazariy va amaliy masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada nafaqat yurtimizdagi balki, xalqaro miqyosdagi mutaxassislar ham amaliy takliflari bilan ishtirok etdi. Konferensiya yakunida xalqaro tajribalarni o‘zlashtirgan holda, mukammal milliy va ta’limiy korpuslarini yaratish borasidagi aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan ham o‘zbek tili milliy korpusini yaratishning nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan tadqiqotlarning natijalari o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi maqomini oshirish, uni jahon muloqot tili darajasiga ko‘tarish, o‘zbek tilini chet ellarda o‘rganish va o‘rgatish, milliy tilimizning imkoniyatlarini kengaytirishda katta ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda ta’kidlash joyizki, mamlakatimizda 2023-yil 1-yanvardan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilishini ta’minlash maqsadida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining yangi tahririni tasdiqlash va shu asosda o‘zbek tili imlo qoidalarining ishlab chiqilishi, milliy alifbodagi ayrim harflarning ifodasiga o‘zgarish kiritilishi o‘zbek tili milliy korpusining yaratilishini tezlashtiradi.

O‘zbek tili milliy korpusining yaratilishi o‘zbek tilini “raqamlashtirish”, internet tiliga aylantirish imkonini beradi.

Odinaxon  Jamoldinova

 

Manba: Axborot xizmati

22.10.2021