XXVIII Xalqaro matematika olimpiadasi (IMC) g‘oliblari munosib taqdirlandi

O‘zbekistonlik talabalar 28-Xalqaro matematika olimpiadasida 15 ta medal sohibi bo‘lishdi. G‘olib talaba-yoshlar O‘zbekiston milliy universitetida munosib taqdirlandi.

Ushbu taqdirlash marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, vazir o‘rinbosari Rahimjon Xakimov, O‘zbekiston milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov, Matematika instituti ilmiy xodimi Behzod Qurbonboev, O‘zMU prorektorlari va  professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Vazir A.Toshqulov va rektor I.Madjidov universitetning 13 nafar kelajak olimlarini mazkur yutuq bilan qutlab, ularni xalqaro olimpiadaga tayyorlagan ustozlari “Algebra va funksional analiz” kafedrasi katta o‘qituvchisi Farxodjon Xaydarov hamda Matematika instituti ilmiy xodimi Behzod Qurbonboevlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Matematik talabalar tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar (monoblok kompyuter, planshet va kitob jamlanmalari) bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu olimpiadada 55 dan ortiq davlatdan 592 nafar talaba ishtirok etgan. Jumladan, AQSh, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Polsha, Isroil, Gretsiya, Ispaniya, Avstraliya, Fransiya kabi davlatlarning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar qatnashgan. Mazkur olimpiadada talabalarimiz yuqori natija ko‘rsatib, jami 15 ta – 5 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza medal va 2 ta faxriy yorliqni qo‘lga kiritishdi.

Ushbu xalqaro olimpiadada Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti Matematika fakultetidan 13 nafar talaba qatnashib, ulardan 3 nafari oltin, 5 nafari kumush, 3 nafari bronza medali va 2 ta faxriy yorliq soxibi bo‘ldilar.

G‘olib talabalarimiz bilan tanishing:

Oltin:

1. Abdushukur AHADOV — 2 kurs talabasi;

2. Jasurbek IMOMOV — 2 kurs talabasi;

3. Maftuna SAMATBOEVA — 3 kurs talabasi.

Kumush:

1. Shahzod QUROQBOEV — 3 kurs talabasi;

2. Doniyor YaZDONOV — 3 kurs talabasi;

3. Jahongir TURAEV — 2 kurs talabasi;

4. Jahongir NORBOEV — 1 kurs talabasi;

5. Davrbek OLTIBOEV — 3 kurs talabasi.

Bronza:

1. Laziz ABDULLAEV — 2 kurs talabasi;

2. Nilufar RAJABOVA — 3 kurs talabasi;

3. Jahongir TURSUNBOEV — 3 kurs talabasi.

Faxriy yorliq:

1. Javohir ISKANDAROV — 2 kurs talabasi;

2. Nodirbek G‘AFFOROV — 2 kurs talabasi.

Bularning barchasi mamlakatimizda ta’lim, ilm-fan, iste’dodli yoshlar safini kengaytirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir.

Manba: Axborot xizmati

12.08.2021