Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi “Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-3290-son qaroriga muvofiq, 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab akademik litseylarda oʼqish muddati ikki yil etib belgilangan va ularga Oʻquv-metodik jihatdan rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatilgan.
Bugungi kunda respublikada jami oliy taʼlim muassasalari tasarrufida 71 ta akademik litseylar oʻz faoliyatini olib borib, shundan Toshkent shahrida – 24 ta va boshqa viloyatlarda – 47 tani tashkil etadi, ularda oʻquvchilarga aniq fanlar, tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar taʼlim yoʻnalishlarida chuqurlashtirilgan holda taʼlim beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrdagi Taʼlim toʻgʻrisidagi OʼRQ-637-son Qonuniga muvofiq akademik litseylar taʼlimning oʻrta maxsus boʻgʻini hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq har yili 20-iyundan 30-iyunga qadar akademik litseylarga umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilaridan hujjatlar qabul qilinadi.
Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini rivojlantirish, ularni qoʻllab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratish, ulgʻayib kelayotgan yosh avlodning ilm-fanga boʻlgan intilishlarini ragʻbatlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish borasidagi islohotlarni tizimli amalga oshirish, shuningdek akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4910-son qarori tasdiqlandi.
Bunda:
iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni akademik litseylarga saralab olish, chuqurlashtirilgan taʼlim dasturlari asosida oʻqitish;
oʻquvchi yoshlarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy va tahliliy fikrlashni rivojlantirish, ilm-fanga boʻlgan qiziqishni oshirish, ularning fan olimpiadalaridagi ishtirokini kengaytirish;
oʻquvchilarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, vatanparvarlik, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik ruhida tarbiyalash;
akademik litseylarda taʼlim sifatini yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash, oʻquvchilarning axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, ularni “Ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislarga biriktirish;
taʼlim jarayonini mazmunli va samarali tashkil etish uchun pedagoglar malakasini oshirish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib borish tizimini isloh qilish;
zamonaviy taʼlim infratuzilmasi talablaridan kelib chiqib, akademik litseylardagi mavjud moddiy-texnik bazani mustahkamlab borish, bilimlarni mustaqil shakllantirish uchun sharoit
va imkoniyatlarni kengaytirish.