Ilmiy tadqiqot

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2023-yilning oʻtgan 6 oyi mobaynida ilm-fan sohasida amalga oshirilgan ishlarning asosiy natijalari

Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik va Innovatsiya agentligining ilm-fan sohasidagi asosiy faoliyat yoʻnalishlari aniq belgilab olindi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ilm-fan va innovatsiyalar kengashi tashkil etildi. Kengash yigʻilishlarida muhokama qilingan 117 ta (56 ta amaliy, 26 ta innovatsion, 4 ta fundamental, 12 ta xalqaro qoʻshma) loyihadan, umumiy qiymati 104,7 mlrd soʻmlik 66 ta (30 ta amaliy, 14 ta innovatsion, 8 ta fundamental, 14 ta xalqaro qoʻshma) loyiha moliyalashtirildi.

Davlat ilmiy dasturlari doirasida umumiy qiymati 1 042 mlrd soʻmlik 653 ta (393 ta amaliy, 70 ta innovatsion, 80 ta fundamental, 154 ta xalqaro qoʻshma) loyihalarning bajarilishi taʼminlandi. Umumiy qiymati 49,3 mlrd soʻmlik 56 ta yakunlangan ilmiy loyihalar tijoratlashtirishga yoʻnaltirildi.

Xalqaro hamkorlik yoʻnalishida umumiy qiymati 165,1 mlrd soʻmlik 154 ta xalqaro qoʻshma ilmiy loyihalarning amalga oshirilishi muvofiqlashtirildi. Shuningdek, Ozarbayjon, Belarus va Turkiya davlatlari bilan yangi xalqaro qoʻshma loyihalar tanlovlari eʼlon qilindi.

Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini shakllantirish maqsadida iqtisodiyot tarmoqlari muammolarining ilmiy yechimiga qaratilgan 350 ta tematik mavzular shakllantirildi. Kelib tushgan takliflar asosida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida umumiy qiymati 23,4 mlrd soʻmlik 19 ta mavzuda (12 ta amaliy, 7 ta innovatsion) davlat buyurtmasi asosida tanlov eʼlon qilindi.

Innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish doirasida jami 35 ta innovatsion loyihalarni, shu jumladan oliy taʼlim muassasalari tomonidan 22 ta, ilmiy tashkilotlar tomonidan 13 ta loyihalarning amalga oshirilishi taʼminlandi.

Vazirlik huzuridagi 22 ta ilmiy-texnik kengashlar tarkibi rotatsiya qilindi, ular tarkibiga 399 nafar nufuzli olim va mutaxassislar jalb qilindi, bunda 38 nafar xorijlik olimlar ekspert sifatida jalb etildi. Hozirda ilmiy-texnik kengashlar soni 19 ta ni tashkil qilmoqda.

Ilmiy texnik kengashlar tomonidan 107 marotaba yigʻilishlar oʻtkazilib, 498 ta ilmiy va startap loyihalar muhokamasi tashkil etildi. Shundan moliyalashtirishga tavsiya etilgan jami 166 ta loyihalar tasdiqlash uchun vazirlikning ilm-fan va innovatsiyalar kengashiga yoʻnaltirildi.

Fizika, kimyo va biologiya yoʻnalishlaridagi ilmiy tashkilotlarda ilmiy audit oʻtkazishni tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi.

Tayanch doktorantlarga 2023-yil uchun 10 nafar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi gʻoliblari taqdirlandi.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan ilmiy loyihalar monitoringi natijasiga koʻra 27 ta muvaffaqiyatli yakunlangan loyihaga keyinchalik ishlab chiqarishga yoki ilmiy-pedagogik jarayonga tatbiq etish maqsadlari uchun 1,05 mlrd soʻm ajratilishi taʼminlandi.

2023-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan 313 ta xalqaro va 280 ta respublika miqyosida oʻtkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar roʻyxati ishlab chiqildi hamda tasdiqlandi.