Davlat xaridlari bo'yicha Odob-ahloq qoidalari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Davlat xaridlarini oʻtkazish uchun Odob-axloq qoidalari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining xodimlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda rioya etishi lozim boʻlgan Odob-ahloq qoidalari Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 9 apreldagi OʻRQ-472-son Qonuni asosida ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan tovar (ish, xizmat)lar xaridini amalga oshirish jarayonida ushbu Odob-axloq qoidalariga (keyingi oʻrinlarda “Qoidalar” deb nomlanadi) rioya qiladi.

2. Davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida quyidagi prinsiplar asosida ish yuritiladi:

  • davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati;
  • asoslanganlik;
  • ochiqlik va shaffoflik;
  • tortishuv va xolislik;
  • mutanosiblik;
  • Davlat xaridlari tizimining yagonaligi;
  • moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi, samaradorligi;
  • korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik.

3. Manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining davlat xaridlari bilan shugʻullanuvchi xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining aʼzolari xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda oʻz ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi boʻlishi mumkin boʻlgan istalgan shaxsiy nafni bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.

Yuqorida sanab oʻtilgan shaxslar:

-shaxsiy manfaatdor emasligini, shuningdek oʻz oila aʼzolarining manfaatdor emasligini kafolatlashi kerak, aks holda shaxsiy manfaatdorlik hamda boshqa ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida ziddiyat yuzaga keladi yoki kelishi mumkin;

-manfaatlarning istalgan potensial, taxmin qilinayotgan yoki mavjud toʻqnashuvi haqidagi axborotning oshkor etilishini kafolatlashi kerak.

Mavjud yoki taxmin qilinayotgan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar topgan, yuqorida nomlari keltirilgan shaxslar bu haqda bevosita rahbarga xabar qilib, bir vaqtning oʻzida vakolatli organni xabardor etishi shart. Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan rahbar uning oldini olish yoki uni bartaraf etish boʻyicha oʻz vaqtida choralar koʻrishi shart.

4. Kasbiy tayyorgarlikni tekshirish tartib-taomillari va unga doir talablar: Davlat xaridlarini amalga oshirishga masʼul etib biriktirilgan xodimlar hamda xarid komissiyasi aʼzolari kasbiy tayyorgarligi jihatidan oʻrnatilgan talablarga javob berishi lozim.

5. Davlat xaridlari jarayonida quyidagilarga:

  • ishtirokchilarni kamsitishga, boshqa ishtirokchilarga zarar yetkazgan holda bir ishtirokchiga imtiyozlar yoki preferensiyalar berishga;
  • davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, davlat xaridlari subyektlariga taʼsir oʻtkazishga, davlat xaridlarida ishtirokchilarning ishtirok etishi toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etishga, ularning sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qoʻyilgan talablarni oshirishga, raqobatga yoʻl qoʻymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;
  • narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib koʻrsatish maqsadida ishtirokchilarning oldindan til biriktirishiga;
  • ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilgan axborotni taqdim etish yoki tarqatishga, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanishni asossiz ravishda cheklashga;
  • davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab oʻtish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga boʻlib tashlashga;
  • ishtirokchilarning sunʼiy tarzda pasaytirilgan narxlar boʻyicha takliflar berishiga, keyinchalik shartnomani imzolashni yoki uni tegishli tarzda ijro etishni rad etishiga;
  • davlat xaridi tarkibiga texnologik va funksional jihatdan oʻzaro bir-biri bilan bogʻliq boʻlmagan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritishga;
  • firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiyaning namoyon boʻlishiga;

moliyalashtirish manbalari va hajmlari mavjudligi toʻgʻrisida tasdiqlarga ega boʻlmagan yoki ajratilgan mablagʻlar hajmidan ortiq miqdordagi davlat xaridlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

6. Xodim tomonidan Qoidalarning buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻlishi mumkin.

Ko'chirib olish 1,2mb