Yangi tajriba: akademik soat ma’ruzalari videoselektor ko‘rinishida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati bilan oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan ochiq muloqotlar vaqtida talabalardan tushgan taklif asosida respublikaning barcha hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘langan holda turli fanlar bo‘yicha olib boriladigan akademik soatlar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.

Ana shunday darslardan dastlabkisi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tashabbusi bilan 2018 yil 9 mart kuni soat 10.30 da Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan “Hozirgi o‘zbek yozuvining dolzarb muammolari” mavzuida o‘tkazildi.

Tadbirda respublikamizning barcha hududlaridagi o‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining “Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili)” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Akademik soat Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professor-o‘qituvchilari Saodat Muhammedova va Abdulhay Sobirovlar tomonidan olib borildi.
Ma’ruzachilar tomonidan 1993 yilda qabul qilingan hamda 1995 yilda ayrim o‘zgartirishlar kiritilgan “Lotin yozuvchiga asoslangan o‘zbek alifbosi”, unga asoslagan imlo qoidalari, o‘zbek yozuvi tarixi va uning bugungi kundagi holati haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirildi. Ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Ona tili jonkuyarlari” guruhi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tinglovchilarga yetkazildi.
Respublikamizning shahar va ko‘chalaridagi turli tillarda yozilgan yozuvlar, telefon va internet yozishmalari, ulardagi xatoliklar, alifboga o‘zgartirishlar kiritish yoki kiritmaslik, o‘zbek tilining mashinaviy tilini yaratish bilan bog‘liq muammolar o‘rtaga tashlandi va qizg‘in muhokama qilindi.
Akademik soat davomida talabalarning savollariga javoblar berildi va hududlardagi yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Vazirlik tomonidan bundan buyon boshqa fanlardan ham mana shunday qiziqarli videodarslar doimiy ravishda o‘tkazib borilishi belgilab qo‘yildi.

Manba: Axborot xizmati

12.03.2018