Endi faol talabalar ham moddiy qo‘llab-quvvatlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Madjidov boshchiligida 2018 yilning 3 mart kuni vazirlikda o‘tkazilgan ochiq muloqot video-selektor shaklida tashkil etildi. Ushbu video-selektorda barcha oliy ta’lim muassasalaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti vakillari va iqtidorli talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirda OTMlaridagi ta’lim sifati va muammolari to‘g‘risida fikr almashilib, oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada rivojlantirish haqida gapirildi.

Jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha tartib joriy etilgani to‘g‘risida so‘z yuritilib, mazkur tartib bo‘yicha talabalar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish lozimligi haqida aytib o‘tildi.
Tadbir ishtirokchilari yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishni keng targ‘ib qilish va kitob madaniyatini yuksaltirish, ta’lim muassasalaridagi axborot resurs markazlarining faoliyatini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini tubdan yaxshilash hamda oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan kutubxonalarni yangi va kerakli adabiyotlar bilan ta’minlash, xususan, elektron adabiyotlar resurslarini ko‘paytirish haqida fikrlarini bildirdilar.
Ochiq muloqotda OTMlardagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Ochiq muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar. Ularning taklif va mulohazalari muhokama qilindi. Mazkur tadbir qizg‘in va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Manba: Axborot xizmati

05.03.2018