Kompyuter lingvistikasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishida xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarorida qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish maqsadga muvofiqdir.

Yangi “Kompyuter lingvistikasi” sohasida Respublikamizda kadrlarga bo‘lgan talabni inobatga olib, mutaxassislar tayyorlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Urganch davlat universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand davlat chet tillari instituti, Al Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti, Kostanay Davlat universiteti (Qozog‘iston), Gumilyov Yevro Osiyo universiteti (Qozog‘iston), Santiyago de Kompostello universiteti (Ispaniya), Korunya universiteti (Ispaniya), Afina texnologik ta’limlar universiteti (Gretsiya), Porto universiteti (Portugaliya), Adam Miskiyevich universiteti (Polsha) hamkorligida 2018-2021 yillarda ERASMUS+ dasturi asosida “SLASS - Markaziy Osiyo mamlakatlarida kompyuter lingvistikasi bo‘yicha magistratura dasturini rivojlantirish” loyihasi asosida xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyihani amalga oshirishdan maqsad respublikamizda shu yo‘nalishdagi xorijiy yetakchi universitetlar bilan hamkorlikda ularning tajribalarini o‘rganish, kompyuter lingvistikasi bo‘yicha o‘quv rejalarini, fan dasturlarini ishlab chiqish, zamonaviy adabiyotlar bilan ta’minlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va yetuk mutaxassislarni tayyorlashdan iboratdir.

Joriy yilning 20-21 fevral kunlari Ispaniyaning Santiyago de Kompostello universitetida mazkur loyiha doirasida xorijiy hamkor universitetlar bilan ilk uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning dastlabki kun tartibida Urganch davlat universiteti rektori B.I.Abdullayev, Santiago de Kompostello universiteti xalqaro aloqalar prorektori Almudena Xosbido, filologiya fakulteti dekani Amfitrioa Mariya Xose Lopes Kuso, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Enrike Lopes Velosolar so‘zga chiqishdi. Uchrashuvda kompyuter lingvistikasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash sohasidagi xorijiy tajribalar keng muhokama qilindi va kelgusida qilinadigan ishlar kelishib olindi.
Mazkur yo‘nalishda xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro kelishuv shartnomalari imzolandi.

Manba: Axborot xizmati

23.02.2018