Maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida kasbiy qayta tayyorlash kurslari tashkil etilmoqda

Maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida tegishli salohiyat mavjud oliy ta’lim muassasalarida Defektologiya (logopediya), Amaliy psixologiya va Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi mutaxassisliklari bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash kurslari faoliyati joriy yilning 22 fevralidan yo‘lga qo‘yiladi.

2018 yil davomida 16255 nafar maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini kasbiy qayta tayyorlash kurslariga jalb etishrejalashtirildi. Shundan, 2761 nafari 1601 nafari psixolog va 11893 nafari maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi. Mazkur kasbiy qayta tayyorlash kurslari ikki bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqichda 9697 nafar (22 fevraldan iyun oyining oxiriga qadar) tinglovchi, ikkinchi bosqichda 6558 nafar (iyul-oktyabr oylarida) tinglovchi kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qishi rejalashtirildi.
Joriy yil 19 fevral kuni soat 14:00da Toshkent davlat pedagogika universiteti bazasida on-layn texnologiyalari asosida hududiy malaka oshirish markazlarida Defektolog (logoped) kasbiy qayta tayyorlash kursida o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun jalb etilgan professor-o‘qituvchilar uchun soha mutahassislari ishtirokida “MTMda logopedik yordamni tashkil etishning mazmuni”, “Nutq nuqsonlarini korreksiyalashda logopedik o‘yinlarining ijobiy samarasi”, “Logopediya fanini o‘qitish texnologiyalari”, “Mutaxassislik fanlarini o‘qitish usullari” kabi mavzularda seminar-trening o‘tkazildi. Seminar-trening yakunida professor-o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va kerakli javoblarni olishdi.

Manba: Axborot xizmati

19.02.2018