Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidovning Urganch davlat universiteti professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuvi

2017 yil 13 oktyabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov Urganch davlat universiteti jamoasi bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Inomjon Urishyevich bugungi kunda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida gapirib, ilmiy-pedagogik salohiyat hanuz past darajada qolayotganligi, ta’lim jarayonining o‘quv-metodik va axborot ta’minoti zamonaviy talablarga mos emasligi, moddiy-texnik bazani tizimli ravishda yangilab borish kerakligi hamda oliy ta’lim tizimida o‘quv jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribani keng joriy etish va yetakchi xorijiy turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, o‘quv jarayonini xalqaro ta’lim standartlari darajasiga ko‘tarish, mutaxassis-kadrlar tayyorgarligi jarayonida fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish, universitet ta’lim muhitini, yoshlarning bilim va kasbiy kompetentligini oshirish maqsadlariga yo‘naltirilgan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni tadbiq etish, ta’lim sifatini oshirish zarurligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Professor-o‘qituvchilarga bugungi kunda qo‘yilayotgan talablar haqida to‘xtalib, professor-o‘qituvchilar o‘z kasbiy mahorat hamda malakalarini muntazam oshirib borishlari, mutaxassislik sohasida nafaqat O‘zbekiston, balki, xorijning eng ko‘zga ko‘ringan olimlari tadqiqot yo‘nalishlari, fan nazariyasi va uning amaliy tadbiqi bo‘yicha qo‘lga kiritilgan yutuqlardan boxabar bo‘lishlari va buning uchun o‘zlarining bor kuch va imkoniyatlaridan keng foydalanishlari muhimligi, xorijiy hamkor oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirishi, doktoranturada ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilganligini aytib o‘tildi.

Uchrashuv so‘nggida universitet professor-o‘qituvchilaridan professor E.Ro‘ziev, f.-m.f.d. A.Yaxshimuratov, dos. A.Sharipov, dos. J.Ermetovalar oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikr-muloxazalarini bildirdilar.

Manba: Axborot xizmati

16.10.2017