Toshkent islom universitetida “Bayramingiz muborak, aziz ustozlar” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

2017 yil 30 sentyabr kuni universitetda “1 oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan “Bayramingiz muborak, aziz ustozlar” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Ma’lumki, murg‘ak qalblarga ilm nurlarini jo etish, ularni barkamol inson qilib tarbiyalash va hayotda munosib o‘rin egallashida ustoz-murabbiylarning o‘rni va roli beqiyosdir. Ota-ona bolani dunyoga keltirsa, ustoz uni kamolga yetkazib, osmon qadar yuksalishiga sabab bo‘ladi. Faylasuf Suqrot fikri bilan aytganda, “ota-ona farzandni osmondan yerga olib tushsa, ustoz yerdan, osmonga olib chiqadi”. Darhaqiqat, ularning zahmatli mehnati shogirdlar kamolidan ulkan sharaf kasb etadi. Ustozlarning ilm sirlarini ongu shuurga jo etishdek mashaqqatli mehnatini hech bir narsa bilan ado etib bo‘lmaydi. Zero, ular fidoiyligi har qancha tahsinga sazovor.

O‘tkazilgan ma’naviy tadbir ustozlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish hamda ular mehnatini e’tirof etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda ushbu dargohda bir necha yil avval pedagogik faoliyat olib borib, ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan, hozirda nafaqalik gashtini surayotgan faxriy ustozlar hamda universitet professor-o‘qituvchi va murabbiylari ishtirok etdi.
Ma’rifiy tadbirning rasmiy qismida ustoz va talabalarning dil so‘zlari, tilaklari o‘rin olgan bo‘lsa, badiiy qismda kuy-qo‘shiqlar tinglandi.
Ayniqsa, talabalarning badiiy chiqishlari hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining xonanda va sozandalari ijrosidagi mumtoz qo‘shiqlar ishtirokchilarga bayramona ruh va ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Tadbir davomida universitetning bir guruh professor-o‘qituvchilari fidokorona mehnatlari uchun “Faxriy yorliq” va estalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, 1-kurs talabalarining badiiy chiqishlar asnosida ustoz va murabbiylar oldida yaxshi o‘qishga, bilim sirlarini egallab, yetuk kadr bo‘lishga tantanali ravishda so‘z berdilar. So‘ng ularga fakultet dekanlari tomonidan ramziy ma’noda “talabalik guvohnomasi” topshirildi.
Talabalar tomonidan ustoz va murabbiylarga gullar taqdim etildi.
O‘tkazilgan tadbir ma’naviy-ma’rifiy, adabiy qimmati yuqori ekanligi bilan ahamiyatli.

Manba: Axborot xizmati

03.10.2017