Nukus davlat pedagogika institutida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya tashkil qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida joriy yilning 12 sentyabr kuni “Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi”ga bag‘ishlangan konferensiya tashkil qilindi.

Respublikamizni juda og‘ir va murakkab yillarda boshqargan, el-yurtimiz sha’niga ham, o‘z nomiga ham gard yuqtirmay o‘tgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov faoliyatini xalqimiz tarixidan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 mart kuni qabul qilingan “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori esa butun xalqimiz tomonidan ulkan quvonch bilan kutib olindi.

Institutda bo‘lib o‘tgan anjumanda filologiya fanlari doktori, professorlar K.Qurambayev, K.Allambergenova va pedagogika fanlari nomzodi dotsent Sh.Yuldashevalar Sh.Rashidovning hayot yo‘li va o‘lmas ijodiga bag‘ishlangan bayonotlari bilan ishtirok etishdi.
Shundan so‘ng Sharof Rashidov hayoti va ijodi haqida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Tadbirning ikkinchi qismida O‘zbek adabiyoti kafedrasi qoshida tashkil etilgan “Nihol” ilmiy-adabiy to‘garagi a’zolari va iqtidorli talabalar ijrosida adabiy-badiiy kecha tomosha qilindi. Sharof Rashidov hayoti va ijodi haqida hujjatli film monitorda namoyish etildi. Ayniqsa, “Kashmir qo‘shig‘i” qissasi asosida tayyorlangan kompozitsiya barchada ijobiy taassurot qoldirdi. Talaba-yoshlar tomonidan o‘zbek, qoraqalpoq va qozoq tillarida adib xotirasiga bag‘ishlangan she’rlardan namunalar o‘qildi, qo‘shiq va raqslar ijro etildi.
Adabiy-badiiy kecha so‘ngida faol qatnashgan o‘qituvchilar hamda talabalar “Tashakkurnoma” va “Faxriy yorliq”lar bilan taqdirlandilar.

Manba: Axborot xizmati

13.09.2017