Nizomiy nomidagi TDPU da O‘zDJTI bilan hamkorlikda “Pedagogika sohasini rivojlantirish strategiyasi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi, strategiyani amalga joriy qilishning beshta ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Ushbu hujjatda ta’lim va o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan strategik vazifalar aniq ko‘rsatilgan. Bulardan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 13 maydagi “Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati Majlisining 2016 yil 21 noyabrdagi 103- sonli bayonnomasida aynan pedagogika sohasini rivojlantirish strategiyasi mazmuniga oid ishlar aniq ko‘rsatib berilgan.

Joriy yilning 8 sentyabr kuni Toshkent davlat pedagogika universiteti va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasining davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash, respublika oliy ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning ommaviy-axborot vositalarida keng yoritilishiga erishish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida Axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirish, davlat va nodavlat ommaviy-axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 11 martdagi 136-sonli buyrug‘ida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida Toshkent davlat pedagogika universiteti va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining yuqori malakali professor-o‘qituvchilari respublikamizdagi ommaviy axborot vositalari vakillari, xalq ta’limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va pedagogika oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari ishtirok etdi.

Matbuot anjumani doirasida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan ilmiy o‘quv-ilmiy adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Manba: Axborot xizmati

08.09.2017