Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari D.Nabiyev Surxondaryo viloyati oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari hamda professor-o‘qituvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi bilan kelishilgan “Oliy ta’lim tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi”ning 2-bandiga muvofiq har oyda kamida bir marotaba yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish tizimi joriy etildi.

Termiz shahrida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari D.Nabiyev ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda Termiz davlat universiteti rektori, Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiallari direktorlari, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari, professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda davlatimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifatini, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilarining faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni oshirish, yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlariga faol jalb etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Savol-javob shaklida o‘tkazilgan ushbu tadbirlarda talaba-yoshlar hamda professor-o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi, muloqotlar mazmunidan kelib chiqqan holda, tegishli vazifalar belgilandi.

Manba: Axborot xizmati

08.09.2017