Magistratura bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimi

Joriy yilning 7 iyul kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida magistrlarni tantanali diplom taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Joriy yilda 15 ta mutaxassislik bo‘yicha jami 124 nafar magistrant institutni muvaffaqiyatli tamomlab, magistrlik akademik darajasiga ega bo‘ldi.

Tantanali taqdirlash marosimini institut rektori S.Yunusov kirish so‘zi bilan ochib, olti yil kuchli iroda bilan ta’lim olib, bilimning ma’lum cho‘qqilarini zabt etgan, yorug‘ ostonalarda yorug‘ yuz bilan kirib borish nasib aylagan bitiruvchilarni butun institut jamoasi nomidan qutladi. Ayniqsa, institutimizning Tabiiy tolalarni dastlabki ishlash texnologiyasi kafedrasi mudiri, professor M.Tojiyevning samimiy qutlovi magistrlar tomonidan iliq kutib olindi.

Tadbirning eng hayajonli onlari esa har bir mutaxassislik bo‘yicha tegishli Vazirlik, tashkilot va yetakchi korxonalarining mutasaddi vakillari tabrik so‘ziga chiqib, tantanali diplom topshirilganda yanada yorqinroq aks etdi.

Shuningdek, magistrlar va ota-onalarning hayajonli dil izhorlari ham tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbir “Uzreport” telekanali, “uza.uz” xodimlari fotolavhalarida esdalik uchun muhrlandi.

Manba: Axborot xizmati

08.07.2017