Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tayinlanishi munosabati bilan majlis bo‘lib o‘tdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov ochib berdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyatidagi o‘zgarishlarni yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga yetkazdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimida ishlab kelgan Rustam Sabirovich Kasimov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Inom Urishevich Madjidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 iyundagi qarori bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga tasdiqlanganligini e’lon qildi.

So‘ngra ushbu masala yuzasidan oliy ta’lim muassasalari rektorlari, vazirlik vakillari tomonidan Inom Urishevich Madjidovning oliy ta’lim tizimidagi faoliyati haqida fikrlar bildirildi. So‘zga chiqqanlar I.Madjidov sohaning yetuk kadrlaridan biri ekanligi hamda uning shaxsiy fazilatlari yuzasidan ijobiy fikrlarini bayon etdilar.
Majlisga yakun yasar ekan, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mazmun-mohiyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tdi hamda I.Madjidovning oliy ta’lim sohasida olib borayotgan ishlarini yuqori baholab, uning kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Inom Urishevich Madjidov (Texnika fanlari doktori, professor.)

1963-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan; 1985-yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagan;
1985-1992-yillar Toshkent politexnika instituti aspiranti, ilmiy xodimi, assistenti;
1992-1993-yillar Toshkent arxitektura qurilish instituti “Gidrotexnika inshootlari” kafedrasi dotsenti;
1994-1998-yillar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarini davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasi bosh boshqarmasi axborot-tahlil va nazorat bo‘limi boshlig‘i;
1998-2000-yillar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Oliy o‘quv yurtlari bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari;
2000-2004-yillar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni tashkiliy-nazorat xizmati kadrlar tayyorlash va o‘qitish shu’basi yetakchi nazoratchisi;
2004-2005-yillar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy ta’lim muassasalari bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – ilmiy-metodik rahbarlik va kadrlar tayyorlash sifatini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i;
2005-2016-yillar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy ta’lim muassasalari bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan;
2016-yil 13-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
2017-yil 20-iyundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri.

Manba: Axborot xizmati

21.06.2017