Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida joriy yil 15 iyun kuni AQSH elchisi Pamela Spratlen (Pamela Spratlen) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv AQSHning favqulodda va muxtor elchisi tashabbusiga ko‘ra tashkil etildi. AQSH elchisini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri R.Qosimov qabul qildi.

Uchrashuvdan maqsad – hurmat tashrifi va oliy ta’lim sohasidagi o‘zbek-amerika tomonlarning hamkorlik aloqalari istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Elchi Spratlen suhbat boshida AQSH va O‘zbekistonning oliy ta’lim sohasidagi hamkorligini yuqori darajada ekanligini qayd etib o‘tdi. “Bizning oliy ta’lim sohasidagi hamkorligimiz ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikning o‘ta muhim yo‘nalishlaridan birini tashkil qiladi”, - dedi elchi.
So‘ngra elchi AQSHda 3 ming atrofidagi oliy ta’lim muassasalari, ya’ni universitetlar va ilmiy markazlar faoliyat ko‘rsatishini qayd etib, ko‘plab Amerika universitetlari fan va ta’lim sohasida katta yutuqlarga erishib, jahonning yetakchi ta’lim muassasalariga aylanganligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda oliy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarni mustahkamlashga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Manba: Axborot xizmati

19.06.2017