2017/2018 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar hujjatlarini qabul qilish jarayoni boshlandi!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 66316 nafar shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 18194 nafar, to‘lov-kontrakt asosida 48122 nafar, magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 1556 nafar va to‘lov-kontrakt asosida 3444 nafar etib belgilandi.

Qarorda maxsus sirtqi bo‘lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta’minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15 nafar va to‘lov-kontrakt asosida 85 nafar, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavrni tayyorlash nazarda tutilgan.

15 iyun kuni poytaxtimizda joylashgan ayrim oliy ta’lim muassasalarida bo‘lganimizda, joylarda qabul jarayoniga talab darajasida tayyorgarlik ko‘rilgani va bu jarayon muvaffaqiyatli boshlanganiga guvoh bo‘ldik.

O‘zMU. O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida Biologiya, Geologiya va geografiya, Jurnalistika, Ijtimoiy fanlar, Iqtisodiyot, Kimyo, Matematika, Tarix, Fizika, Xorijiy filologiya kabi 10 ta fakultet, 73 ta kafedra o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqda. Ularda 37 yo‘nalishda bakalavrlar va 63 yo‘nalishda mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda.2017/2018 o‘quv yilida O‘zMUning bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha 36 ta ta’lim yo‘nalishiga jami 1395 nafar talaba o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. Ulardan 399 nafari davlat grantlari va 996 nafari to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladilar.Magistratura bosqichiga 68 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 391 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Ulardan 138 nafari davlat grantlari va 253 nafari to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladilar.Bu yildan e’tiboran magistratura bosqichiga Lingvistika: fransuz tili, Lingvistika: nemis tili, Falsafa tarixi (yo‘nalishlar bo‘yicha), Seysmologiya va seysmometriya, Sotsiologiya (yo‘nalishlar bo‘yicha), Ijtimoiy ish (soha va faoliyat turlari bo‘yicha), Ekologiya (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) kabi 7 ta yangi yo‘nalishga talabalar qabul qilinishi belgilangan.Shu yil 15 iyun kunidan e’tiboran O‘zMUda abituriyentlarni qabul qilish yuksak saviyada boshlandi.

ToshDTU. Universitet rasmiy veb sayti http://tdtu.uz/ orqali abituriyentlarning internet tarmog‘idan doimiy ravishda ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun maxsus rubrika yaratilgan. TDTUga 39 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 2455 ta kvota ajratilgan. Shundan: 630 ta davlat granti, 1825 ta to‘lov kontrakt asosida. 2016-2017 o‘quv yili qabulida 15000 dan ortiq abituriyentlar hujjat topshirgan.
2017-2018 o‘quv yili qabulida 18500 nafar abituriyentlarning hujjat topshirishi kutilmoqda. Abituriyentlardan hujjat qabul qilish universitetning 4 ta binosida, 5 ta joyida tashkil etilgan. Test sinovlarini jami 18510 ta o‘ringa mo‘ljallangan 14 ta binoda o‘tkazish rejalashtirilgan. Abiturentlarning ota-onalari dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarini, Vazirlar Mahkamasinining qabul to‘g‘risidagi Nizomlarini aks ettiruvchi hamda kasbga yo‘naltiruvchi targ‘ibot-tashviqot lavhalari, fanlar bo‘yicha dasturlar, maslahatlar jadvali har bir fakultetlarda tayyorlanib, ilib quyildi. Fuqarolarni qabul qilish jadvali tuzilgan.

TATU. Toshkent shahri bo‘yicha, 9 ta ta’lim yo‘nalishlari va 14 ta magistratura mutaxassisliklari, shundan 2 ta’lim mutaxassiligi “Audiotexnologiyalar” va “Videotexnologiyalar” bu o‘quv yilidan yangi ochilgan mutaxassisliklar, Barcha hududiy filiallarda 5 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilinadi.
Universitetga 15 mingdan ortiq abituriyentlar qabul komissiyasiga hujjatlar topshirish uchun murojaat qilishi kutilmoqda. Abiuriyentlarni nazorat qilish va test sinovlarini o‘tkazish joyiga kiritish, jarayonlari ko‘p vaqt va ko‘plab inson resursidan foydalanishni talab qiladi, bu jarayonda avvalambor abituriyentlarni test topshirish jarayonidan chalg‘itadi. Bu jarayonni yengillashtirish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida bu yildan boshlab hujjat topshirish jarayoni avtomatlashtirildi, bunda abituriyentning biometrik pasporti ma’lumotlari va barmoq izlari skanerlanib, ma’lumotlar bazasiga jo‘natiladi. Test sinovlarini o‘tkazilish joylarida ushbu biometrik pasport ma’lumotlari va barmoq izlari asosida abituriyentlarning binolarga kirishini nazorat qilish tizimi joriy etilgan.
Joriy yilda abituriyentlardan hujjatlarni elektron usulda Yagona interaktiv Davlat xizmatlari portali bazasi orqali interaktiv shaklda qabul qilish amalga oshiriladi, bu esa qabul komissiyaga hujjatlarni topshirishda abituriyentlarga qulaylik, vaqtni tejash va masofadan turib qabul komissiyasiga hujjat topshirish imkonini beradi.

Manba: Axborot xizmati

15.06.2017