​Chet tillarni o‘qitishda zamonaviy tendensiyalar xalqaro konferensiya muhokamasida

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Chet tillarni o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi hamda “O‘zbekistonda xorijiy tillar” elektron jurnal va Internet portali tomonidan joriy yilning 13-14 may kunlari “Chet tillarni o‘qitishda zamonaviy tendensiyalar: yutuqlar, muammolar va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Unda tadbirda Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari, Toshkentdagi AQSH elchixonasi va Britaniya maktabi vakillari, respublika ta’lim muassasalari chet tili o‘qituvchilari, xorijlik ekspertlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjuman dasturi yalpi majlis, alohida sho‘balardagi seminar-trening, mahorat darslari, davra suhbati, kitob lotereyasi va boshqa shu kabi tadbirlarni o‘z ichiga oldi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘zbek, rus, ingliz, nemis va fransuz tillarida olib borildi. Unda chet tillarini o‘qitishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan fikr-mulohazalar, takliflar muhokama qilindi.
Ikki kun davom etgan xalqaro anjumanda uzluksiz ta’lim tizimida xorijiy tilni o‘qitish, chet tilini o‘qitish, o‘rganish va baholash, maxsus maqsadlarga yo‘naltirilgan chet tillarini o‘qitish, mustaqil ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirish, xorijiy tilni o‘rganishda malakalar integratsiyasining o‘rni, xorijiy tillarni o‘qitishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanga kelib tushgan 500dan ziyod ilmiy maqolalar orasidan 150ga yaqini saralab olindi va alohida to‘plam holida chop etilmoqda. Tadbir yakunida sohaga oid kitoblar lotereyasi o‘tkazildi hamda ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Manba: Axborot xizmati

15.05.2017