Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Navruz umumxalq bayram sayli respublika miqyosida keng nishonlandi.

Bayram dasturi doirasida Navro‘z ruhi aks ettirilgan badiiy chiqishlar, doshqozonlarda sumalak va milliy taom osh pishirildi. Bayram tadbirlari doirasida «kuyov suzildi», «aydar to‘y» kabi folklor chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Milliy sport o‘yinlari - kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, qo‘l kurashi, qasharman to‘p, kabi tarixi asrlarga teng o‘yinlar yoshlarga zavq-shavq bag‘ishladi. Bundan tashqari “Musaffo osmonda varrak uchirish musobaqasi” tanlovi bo‘lib o‘tdi. Qizlarning «ot arava»larda sayl qilishi, o‘tovlardagi qiz yigitlarning aytishuvlari saylga kelgan mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Bayram sayliga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengashi raisi o‘rinbosari A.Hamraev, Qoraqalpog‘iston Respublikasы Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov va boshqa mutasaddi tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, institutning iqtidorli talabalari tomonidan «Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin» mavzusidagi musiqiy-xoreografik konsert dasturi bayramning jozibasini yanada ochib berdi. Tadbirda 1500 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Manba: Axborot xizmati

23.03.2017