2017-yildan boshlab oliy ta’lim muassasalariga hujjatlar 15-iyundan 15-iyulga qadar qabul qilinadi

Milliy matbuot markazida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi matbuot anjumani o'tkazdi.

2017-2018 o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga hujjatlar qabul qilish muddati 15 iyundan 15 iyulga qadar bo'ladi. Oliy harbiy ta'lim muassasalaridagi test sinovlari esa 5 iyul kuni o'tkaziladi. Bu abiturientlarga yanada ko'proq qulaylik yaratish, ta'lim muassasalarini test jarayoniga tayyorlash, belgilangan binolar va auditoriyalarni kerakli jihoz va uskunalar, o'quv vositalari bilan ta'minlab, muddatidan oldin shay holatga keltirish imkonini beradi. Davlat test markazi direktori o'rinbosari Q.Haqberdiev va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijasida ta'lim muassasalarida o'quv-tarbiyaviy, ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligi yuksalib, jahon andozalari va zamon talablariga mos bo'lgan ta'lim standartlari amaliyotga joriy etilayotganini ta'kidladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 26 maydagi "2016-2017 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq oliy ta'lim muassasalarining bakalavr ta'lim yo'nalishlariga 57 ming 907 talaba, jumladan, 19 ming 120 talaba davlat granti, 38 ming 787 talaba to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilindi. 174 o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida saralash test sinovlari tashkil etilib, unda 138 ming 214 o'quvchi ishtirok etdi. 10 oliy harbiy ta'lim muassasasida o'tkazilgan test sinovlarida 6 ming 163 abiturient qatnashdi. 2016-2017 o'quv yilida Toshkent davlat texnika, Toshkent davlat agrar, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetlari, Toshkent arxitektura-qurilish, Toshkent kimyo-texnologiya, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat, Аndijon qishloq xo'jaligi, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutlari, Toshkent tibbiyot akademiyasida yangi ta'lim yo'nalishlari ochildi. – Mamlakatimizda oliy ta'lim muassasalariga kirish istagini bildirgan bilimli, iqtidorli, salohiyatli yoshlar yildan-yilga ortib bormoqda, – deydi Davlat test markazi bo'lim boshlig'i Qayum Boymirzaev. – Bu yil oliy o'quv yurtlariga 663 ming 304 abiturient hujjat topshirdi, bu bir o'ringa 11,5 yigit-qiz talabgorlik qildi, degani. Birinchi Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarni o'rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardagi umumta'lim maktablariga ingliz tili o'qituvchilarini etkazib berish maqsadida test sinovlarida yuqori ball to'plagan 117 nafar abiturient qo'shimcha ravishda o'qishga qabul qilinishga tavsiya etildi. Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga soha mutaxassislari javob qaytardi.

Manba: Axborot xizmati

27.12.2016