Dolzarb mavzuga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi

Joriy yilning 12-oktabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to`g`risida»gi PF-4797-sonli Farmoni, 2016 yil 2 maydagi «Toshkent davlat texnika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-2524 – sonli, 2016-yil 11-maydagi «O`zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-2527-sonli qarorlaridan kelib chiqadigan vazifalarning bajarilishi to`g`risida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Tadbirda Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati, mutasaddi xodimlari, Toshkent davlat texnika universiteti, O`zbekiston Milliy universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

  

E’tirof etish joizki, Toshkent davlat texnika universiteti, O`zbekiston Milliy universiteti hamda yangi tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida yo`nalishlar bo`yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash, xorijiy tajriba asosida zamonaviy o`quv adabiyotlari, o`quv-uslubiy majmualarni yaratish, o`quv va amaliyot jarayonlarini boyitish, pedagog-o`qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, sohalar bo`yicha ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan keng ko`lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Birgina, Toshkent davlat texnika universitetida mamlakatimizning muhandislik-texnika yo`nalishlari bo`yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sohasidagi bazaviy oliy ta’lim muassasasi sifatida 60 ta bakalavriat ta’lim yo`nalishlari va 78 ta magistratura mutaxassisliklari bo`yicha malakaviy talablar, o`quv rejalar, dasturlar, takomillashtirilgan o`quv-uslubiy majmualar ishlab chiqildi.

Yangi tashkil etilgan «Muhandislik tizimlari» fakulteti tarkibiga 8 ta kafedra kiritildi, ulardan uchta kafedra yangi tashkil etildi: «Intellektual muhandislik tizimlari», «Mexatronika va robot texnikasi» va «Avtomatlashtirilgan loyihalash tizimlari» kafedralari.

Tugatilgan Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti bazasida universitet tarkibida «Muhandislik-fizika» fakulteti tashkil etildi, tarkibiga yangi 4 ta kafedra («Yarimo`tkazgichlar va yangi materiallar texnologiyasi», «Elektron uskunalarni ishlab chiqarish texnologiyasi», «Lazer texnologiyasi va optoelektronika», «Tibbiy-biologik tizimlar va jihozlar» kafedralari), shakllantirildi. 7 ta kafedra tarkibida 7 ta laboratoriya tashkil etildi. Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutidan jami 144 nafar mutaxassis va ishchilar universitetga ishga jalb etildi.

  

Shuningdek, O`zbekiston Milliy universiteti ham respublikaning matematika, tabiiy-ilmiy va gumanitar yo`nalishlari bo`yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash sohasidagi tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Qayd etilgan qaror ijrosini ta’minlash maqsadida «O`zbekiston Milliy universitetini 2016-2020 yillarda rivojlantirish Dasturi» ishlab chiqildi va 2016-yil 14-iyunda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan ushbu dastur tasdiqlandi. O`tgan davr mobaynida Dastur ijrosi yuzasidan quyidagi tashkiliy ishlar amalga oshirildi:

Fizika fakultetida 4 ta, Biologiya fakultetida 3 ta, Kimyo fakultetida 2 ta, Geologiya va geografiya fakultetida 1 ta, Iqtisodiyot fakultetida 1 ta, fakultetlararo 1 ta, jami 12 ta yangi kafedralar, Fizika fakultetida 6 ta yangi laboratoriya tashkil qilindi;

Yadro fizikasi instituti hamda Amaliy fizika ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari va muhandis kadrlari attestatsiyadan o`tkazildi. Attestatsiya natijalariga ko`ra ushbu institutlarning yuqori salohiyatli ilmiy va muhandis kadrlari universitet o`quv va ilmiy jarayoniga jalb qilindi;

Yadro fizikasi instituti hamda Amaliy fizika ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy-texnikaviy loyihalari, konstruktorlik-texnologiya ishlanmalarini zarurligi va saqlab qolishning maqsadga muvofiqligi jihatidan inventarizatsiyadan o`tkazildi hamda 30 ta ilmiy loyihalar (grantlar) O`zbekiston Milliy universitetiga o`tkazildi;

O`zbekiston Milliy universitetini 2016-2020 yillarda rivojlantirish Dasturida o`quv, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, ilmiy ishlar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash, moddiy-texnik bazasini takomillashtirish bo`yicha vazifalar belgilangan. Jumladan, o`tgan davr mobaynida yangi ishlab chiqilgan o`quv rejalarning 1-kursda o`qitiladigan fanlaridan 101 ta o`quv-uslubiy majmualar tayyorlandi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo`mitasi tomonidan 2017-2020 yillarda fundamental, 2017-2018 yillarda amaliy bajarilishi mo`ljallangan, yosh olimlar fundamental va amaliy, innovatsiya hamda «Akademik harakatchanlik-2017» amaliy tadqiqotlar davlat ilmiy-texnik dasturlari uchun tanlovga universitet xodimlari tomonidan jami 174 ta loyiha topshirildi.

  

Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti uchun o`quv binosi shu yilning avgust oyida kapital ta’mirdan chiqarilib, o`quv jarayoniga shay holatga keltirildi. Har tomonlama qulay, zamonaviy talablar darajasidagi mazkur binoda bugun talabalar o`zbek filologiyasi, o`zbek tili va adabiyotini o`qitish; o`zbek-ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti ta’lim yo`nalishlari bo`yicha saboq olmoqdalar. Universitetda 15 ta kafedra mavjud bo`lib, ularda o`quv rejalardagi fan tarmoqlarining barcha sohalari qamrab olingan.

Universitetdagi ta’lim-tarbiya sifatini tubdan oshirish maqsadida zamonaviy bilimlarga ega, jamoatchilik orasida katta hurmat-e’tiborga ega bo`lgan yuzga yaqin pedagog-xodimlar hukumat komissiyasi tomonidan attestatsiya yo`li orqali saralanib olindi. Hozirda universitetning ilmiy salohiyati 56-60 foizni tashkil qilmoqda.

2016-2017 o`quv yili uchun universitetga 150 nafar davlat granti va

150 nafar to`lov-shartnoma asosida, jami 300 ta qabul kvotasi ajratildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, talabalarning yozma savodxonligi va o`z bilim va tafakkurini erkin ifoda eta olish mahoratini tekshirish maqsadida o`zbek filologiyasi, o`zbek tili va adabiyotini o`qitish fakultetlarida ilk bor ijodiy imtihonlar (insho) o`tkazildi. Bu yil hisobidan 3 nafar fan olimpiadasi g`oliblari, 2 nafar Zulfiya mukofoti sovrindorlari universitetning faxrli talabalari bo`ldilar.

Bugun mazkur oliy dargohda jami 972 nafar talaba tahsil olishmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, universitetdagi o`quv jarayonini xalqaro standartlarga javob berishini ta’minlash maqsadida amaldagi ta’lim yo`nalishlari bo`yicha mavjud o`quv rejalari qayta ko`rib chiqilib, takomillashtirildi.

Magistratura mutaxassisliklari bo`yicha 8 ta yangi fan joriy etildi. Talabalarning mutaxassis sifatida keng qamrovli bilim, ko`nikma va malakaga ega bo`lishini ta’minlash maqsadida qo`shimcha 16 ta tanlov fani kiritildi. Universitetda ishlab chiqilgan namunaviy o`quv rejalardagi 42 ta fan bo`yicha mualliflar guruhi to`liq shakllantirildi. Ularning asosiy qismi 2016-2017 o`quv yilida yozib tugallanishi rejalashtirildi. 72 ta fan bo`yicha o`quv-metodik komplekslar yaratildi.

Shu bilan birgalikda, filologik ta’lim sifatini respublika miqyosida tubdan isloh qilish maqsadida o`qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi o`z faoliyatini boshladi.

Universitet huzurida o`zbek tili va adabiyoti, matnshunoslik bo`yicha fan doktori darajasini berish bo`yicha Ilmiy kengash tashkil etilgan bo`lib, bu sohadagi ishlar jadallik bilan davom ettirilmoqda.

O`zbek tili va adabiyoti, folklorining rivojlantirish istiqbollari bilan bog`liq ilmiy muammolarni tadqiq etish, mukammal akademik va o`quv grammatikalarini yaratish, mavzu va yo`nalishlar bo`yicha lug`at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish maqsadida Respublika Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo`mitasiga 13 ta yangi loyihalar topshirildi.

  

Matbuot anjumanida jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga vazirlik hamda universitetlar mutasaddi xodimlaridan kerakli javoblarni olishdi.

Manba: Axborot xizmati

12.10.2016