O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligining 2015 yilda oliy ta‘lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining oshirilishiga taalluqli Sharhi

2015 yilning 1 sentyabridan oliy ta‘lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarining 15 foizga oshganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi talabalar va ularning ota-onalari e‘tiboriga quyidagi ma‘lumotlarni yetkazadi.

O‘zbekiston Respublikasida joriy etilgan oliy ta‘lim tizimiga muvofiq, test sinovlari natijalariga ko‘ra eng yuqori ballar to‘plagan talabalar davlat granti bo‘yicha bepul (o‘qishga qabul qilinganlarning o‘rtacha 33 foizi) o‘qiydilar. O‘z navbatida qabul kvotalari doirasida “o‘tish” ballarini to‘plagan talabalar esa, ularni o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni qisman qoplashni nazarda tutuvchi to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qiydilar.

Shu bilan birga talabalarga, ularning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishidan qat‘iy nazar, har oyda stipendiya to‘lab boriladi. Ko‘rsatib o‘tish joizki, xorijiy davlatlarda talabalarga har oylik stipendiyalar to‘lanmaydi.
Hozirgi vaqtda stipendiyaning o‘rtacha oylik miqdori 300 ming so‘mni yoki yiliga 3,6 mln. so‘mni tashkil etadi va u o‘qitish qiymati kontrakt miqdoriga to‘liq kiritiladi. Bunda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining 40-60 foizini stipendiya tashkil etadi, ya‘ni talabaga o‘zi tomonidan o‘qish uchun to‘langan mablag‘ning taxminan yarmi o‘quv yili davomida oylik stipendiya ko‘rinishida qaytariladi. Bu mexanizm talabalarning o‘qishiga ziyon keltirgan holda pul ishlashga vaqt sarflamasdan, butun diqqat-e‘tiborlarini ta‘lim olishga qaratishlariga imkon yaratadi.
Yuqoridagilarga asosan yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorini indeksatsiya qilishda, asosiy omil sifatida, o‘tgan o‘quv yilida stipendiya va o‘qituvchilarning ish haqi miqdorlarining 23,2 foizga, to‘lov-kontrakt miqdorlarining esa atigi 10 foizga oshganligi, aniqrog‘i oliy ta‘lim muassasalari xarajatlari ularning tushumlaridan tezroq o‘sganligi inobatga olindi.
Shu bilan birga, to‘lov-kontrakt miqdorini 15 foizga oshirishda 2015 yilning 1 sentyabridan stipendiyalar va o‘qituvchilarning ish haqi miqdorini 10 foizga oshirilganligini qoplash lozimligi, aks holda yangi o‘quv yilining yakuniga kelib oliy ta‘lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha tegishli xarajatlar uchun mablag‘lar yetishmovchiligi kelib chiqishi ham hisobga olindi.
Jumladan, joriy yilning 1 sentyabridan to‘lov-kontrakt qiymati bir talabani o‘qitish uchun kelib chiqadigan xarajatlar tanlangan ta‘lim yo‘nalishi xarajatlaridan kelib chiqib, 5,8 mln. so‘mdan 8,5 mln. so‘mgacha miqdorda belgilandi. Masalan, “Pedagogika” yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdori 5,8 mln. so‘mni tashkil etgani holda, moddiy-texnik va laboratoriya bazasi hamda pedagogik stavkalar soniga (o‘qituvchilarga) talab yuqori bo‘lgan “Sog‘liqni saqlash” yo‘nalishida 7,65 mln. so‘mni tashkil etadi.
Ta‘lim yo‘nalishlari kesimidagi to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari bilan Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligining www.edu.uz saytida tanishish mumkin.
Shuni alohida ta‘kidlash lozimki, talabaga to‘lanayotgan stipendiyani hisobga olmagan holdagi o‘qitish uchun to‘lovning xaqiqiy miqdori 2,2-4,9 mln.so‘mni yoki 850-1900 dollarni tashkil etmoqda, bu esa Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari, ayniqsa uzoq xorijiy davlatlardagi oliy ta‘lim muassasalarida o‘qitish qiymatidan bir necha bor pastdir.
Yana ta‘kidlash lozimki, kontrakt asosida ta‘lim olayotgan talabalar tomonidan amalga oshirilayotgan to‘lovlar oliy ta‘lim muassasalari joriy xarajatlarining faqat ma‘lum bir qismini qoplaydi, qachonki, oliy ta‘lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv va ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompьyuter texnikasi va mebellar bilan jihozlash, kutubxona fondini to‘ldirish va boshqa xarajatlarning 90 foizidan oshig‘i davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan tasdiqlagan oliy ta‘lim muassasalari moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish Dasturi doirasida 2011-2014 yillar davomida oliy ta‘lim muassasalari binolarini qurish, rekonstruktsiya qilish va mukammal ta‘mirlash hamda ularni jihozlash ishlari uchun Davlat byudjeti hisobidan 504,6 mlrd.so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada, 21 ta oliy ta‘lim muassasalarida 105 ta ob‘ekt yangidan foydalanishga topshirildi, jumladan jami 43 ming o‘quv o‘rniga ega bo‘lgan 55 ta o‘quv binolari, 9 ming o‘ringa ega bo‘lgan 33 ta talabalar turar joylari, 13 ta sport inshootlari va boshqa infratuzilma ob‘ektlari shular jumlasidandir.
Foydalanishga topshirilgan barcha ob‘ektlar mebelь va inventarlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnikalari va o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlandi.
2015 yilda esa, mazkur maqsadlar uchun Davlat byudjetidan 312,4 mlrd.so‘m mablag‘ ajratildi, bu o‘z navbatida, 15 ta oliy ta‘lim muassasasida yana 45 ta yangi ob‘ektni foydalanishga topshirish imkonini beradi.
Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi talabalarni va ularning ota-onalarini qiziqtirgan barcha savollarga, shu jumladan o‘qish uchun to‘lov shakli, talabalar va ularning ota-onalari tomonidan ta‘lim olish uchun ish xaqidan yo‘naltiriladigan mablag‘larga qo‘llaniladigan imtiyoz va yengilliklar qo‘llash tartibiga taalluqli, shuningdek ta‘lim krediti va boshqa savollarga yozma shaklda hamda davlat interaktiv xizmatlari orqali javob berishga tayyorligini ma‘lum qiladi.




Vazirlikning pochta manzili: Toshkent sh., 100095,
2-Chimboy ko‘chasi, 96-uy
Telefon: 246-01-95; 246-01-76
Faks: 246-10-81; 246-10-63
Elektron pochta: devonxona@edu.uz; moliya@edu.uz
Veb-sayt: www.edu.uz.

26.08.2015